Ko'p yaxshi kunlarni ko'rdik azizim,
Oq bilan qorani bildik azizim,
Ko'pning duosini olib kam bo'lmay,
Shu kunlarga yetib keldik azizim.
Kim bo'riman der, kim esa arslon,
Chiranma besh kunlik dunyoda nodon,
Manmanlik otiga mingan ne bo'ldi,
Har hikmat sirini o'ylagin obdon.
Ko'p yaxshi kunlarni ko'rdik azizim,
Ustozlar izidan yurdik azizim,
Bulbullikka da'vo qilsa qarg'alar,
Ayting, biz nima ham derdik azizim.
Kim oldinman deydi, kim esa keyin,
Hamma ham bir kuni o'tmog'i tayin,
Javob topolmaysan har bir savolga,
Javob topolmaysan o'ylgan sayin.
Ko'p yaxshi kunlarni ko'rdik azizim,
Haqiqatga yuzni burdik azizim.
Goho so'z demoqdan jim bo'lmoq avzal,
Johilga indamay turdik azizim.
Ahad Qayum yaxshi do'stlaring bisyor,
Ranjima dushmaning bersa ham ozor.
Bir kuni yaxshi ham yomon ham o'tar,
Bu dunyo charxplak, g'alvali bozor.